“Xalqaro pedagogik ijodkorlik va ilm-fanni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi”
2026-yil 13-mart kuni Toshkent shahridagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida Qozog‘iston Respublikasining “Xalqaro pedagogik ijodkorlik va ilm-fanni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” hamda M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti bilan ilgari imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida “Qozog‘iston–O‘zbekiston: fan va ta’lim” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xalqaro ilmiy anjumanning ochilishida institutning ijrochi direktori Azizbek Baxodirov barcha ishtirokchilarni, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilarni samimiy qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Bu anjuman yoshlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Saidakhror Gulyamov va Saidasror Gulyamov mazkur xalqaro ilmiy anjumanning faxriy mehmonlari sifatida ishtirok etib, sun’iy intellekt asosidagi ilmiy tadqiqotlar, ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy usullari hamda kelajak ta’lim modelida intellektual texnologiyalarning tutgan o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, ta’lim va ilm-fan sohasida samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir yakunida yuqori natijalar hamda alohida faollik ko‘rsatgan ishtirokchilar tantanali ravishda taqdirlanib, ularga diplomlar hamda pul mukofotlari topshirildi.