“Yangi O‘zbekistonda – Navro‘z shukuhi” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi

Joriy yilning 26-mart kuni Toshkent shahridagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida “Yangi O‘zbekistonda – Navro‘z shukuhi” shiori ostida Navro‘z umumxalq bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirni institut ijrochi direktori Azizbek Baxodirov ochib berib, Navro‘zning nurli shukuhi institut faoliyatida ham yangilanish, ijodkorlik va yuksak maqsadlar sari intilishni yanada kuchaytirilishini alohida ta’kidladi. Tadbirda Belarus Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Andrey Kuxarchik hamda Iqtisodiyotni rivojlantirish ilmiy maktab rahbari, akademik Saidasror Gulyamovlar ham so‘zga chiqib tadbir ishtirokchilarini Navro‘z bayrami bilan tabrikladilar. Bayram tadbirida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Axror Usmonov, taniqli san’atkor Davron Ahmedov va boshqa xonandalar ishtirok etib, tadbirni yanada ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishiga hissa qo‘shdilar. Ularning jonli ijrolari, dilga yaqin qo‘shiqlari va sahnadagi chiqishlari barcha ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi hamda “Свитанак” Belarus madaniy markazi hodimlari bilan hamkorlikda ham ajoyib chiqishlar namoyish etilib bayramga yanada fayz va shukuh bag‘ishladilar. Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda mehmonlar faol ishtirok etib, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz va boy madaniy merosimiz keng targ‘ib qilindi. Bayram davomida milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi hamda talabalarning ijodiy chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, Navro‘zga xos urf-odatlar, qadriyatlar va an’analar yana bir bor namoyon etildi. Bayram yakunida ishtirokchilar bir-birlarini Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.